So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
Zamonaviy suzish havzasida 120 nafar yoshlar suzish sporti sirlarini o'rganadi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 20524

Buxoro viloyati Olot tumani o'zining dzyudo maktabi bilan nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda ham mashhur. Maktabdan yozgi olimpiya o'yinlari sovrindorlari, jahon chempionlari etishib chiqqan.
Yaqin yillarda tumanda katta yutuqlari bilan tilga tushadigan suv sporti turlari bo'yicha sovrindorlar ham kamol topishi, shubhasiz.
Bu fikrlar tumandagi bolalar va o'smirlar sport maktabiga qarashli zamonaviy suzish havzasini foydalanishga topshirishga bag'ishlangan tantanali marosimda alohida ta'kidlandi.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiev, Buxoro viloyati hokimining o'rinbosari J.Nosirov va boshqalar mamlakatimizda sportning ommaviyligini ta'minlash, yosh iste'dodlarni aniqlash va ularning mahoratini oshirishga katta e'tibor qaratilib, sohaning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotganini ta'kidladi.
Foydalanishga topshirilgan suzish havzasi O'zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan barpo etildi. Loyiha qiymati 5 milliard so'mlik ob'ektda bunyodkorlik ishlari “Sharq plyus” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirildi.
Bu erda bir kunda 120 nafar o'g'il-qizning malakali mutaxassislar rahbarligida suzish sporti sirlarini o'rganishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Havzada murabbiylar, tibbiyot, kiyinish xonalari, suv tarkibi nazorat qilinadigan laboratoriya tashkil etilgan.
– Tumanimizda suzish havzasi qurilgani biz uchun ajoyib sovg'a bo'ldi, – deydi yoshlar nomidan Farida Hamroqulova. – O'tgan yili qo'shni Qorako'l tumanida ana shunday ob'ekt foydalanishga topshirilganida havas qilgan edik. Endi bizga ham shunday imkoniyat yaratildi. Men taekvondoning ITF turi bilan shug'ullanaman. Yaqinda Minsk shahrida o'tkazilgan jahon chempionatida bronza medali oldim. Endi suzish sporti bilan ham shug'ullanmoqchiman.
Ta'kidlash joiz, suzish havzasida tumanda sportning yangi turi, ya'ni suv polosi bilan shug'ullanuvchilarga ham tegishli qulaylik bor. E'tiborlisi, tuman bolalar va o'smirlar sport maktabi Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish jamg'armasi tomonidan 235 million so'mlik tegishli anjomlar bilan ta'minlandi.