So'ngi transfer yangiliklar
Messi Realga o'tmoqchi !!!
AslFUTBOL.NET - Asl Futbol muxlislar sayti
2018 yil sport sarhisobi Turon24 nigohida
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 12267

2018 yil o'zbek sporti uchun muhim voqealarga boy bo'ldi. 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilarning Osiyo chempionatidagi g'alabasidan tortib, G'ofur Rahimovning AIBA prezidentligini qo'lga kiritganigacha bo'lgan yorqin voqeliklar yoki Toshkentda o'tkazilgan tennis bo'yicha "WTA Tashkent Open"dagi muvaffaqiyatsizlikdan tortib Jamshid Kenjaev va boshqalar bilan bog'liq mojarolarga qadar o'zbek sportida 2018 yil voqealari sifatida yozildi. Turon24 2018 yilning eng muhim voqeliklarini e'tiboringizga havola etadi.
Futbol. Qor jangidagi triumf
2018 yilning 9–27 yanvar kunlari oralig'ida Xitoyda 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi Osiyo chempionati o'tkazildi. Turnirning A guruhidan o'rin olgan Ravshan Haydarov boshchiligidagi jamoa dastlabki o'yinda Qatar terma jamoasiga 1-0 hisobda imkoniyatni boy berib qo'ydi. Ammo keyingi o'yinlarda mezbon jamoa Xitoy va Ummon terma jamoasini ayni shu hisobda enggan o'zbekistonliklar guruhda ikkinchi o'rinni qo'lga kiritgan holda chorak final yo'llanmasini qo'lga kiritishdi. Bu bosqichda Yaponiya 4-0 hisobda mag'lub etilgan bo'lsa, yarim finalda Janubiy Koreya ustidan ekstra taymlarda 4-1 hisobda g'alaba qozonildi.
Finalda esa ko'pchilik musobaqadan avval u qadar jiddiy raqib sifatida qaramagan Vetnam terma jamoasi raqiblik qildi. O'zbekiston uchun juda qiyin o'tgan o'yinda qo'shimcha taymlardan so'ng 1-2 hisobi qayd etildi.
Changjoudagi Changzhou Olympic Sports Centre qalin qor sabab futbol o'ynash uchun ancha noqulay holatga kelib qolgandi. Uchrashuvning 8-daqiqasida Rustam Ashurmatov hisobni ochgan bo'lsa, 41-daqiqaga kelib, Nguen Kuang Xai hisobni tenglashtirdi. O'yinning 120-daqiqasida Andrey Sidorov tomonidan bosh bilan urilgan golgina O'zbekistonga tarixiy g'alabani taqdim etdi.
Kuper navbatdagi xatomi yoki oldinga tashlangan qadam?
6 avgust kuni futbol bo'yicha O'zbekiston terma jamoasiga argentinalik Ektor Kuper bosh murabbiy etib tayinlandi. 63 yoshli mutaxassis dastlabki matbuot anjumanidayoq O'zbekiston terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqishga va'da bera olmasligini ta'kidladi. Bunga bor imkoniyatini ishga solishini ham qo'shib qo'ygan mutaxassis terma jamoa bilan o'tkazgan 6 ta o'rtoqlik uchrashuvida 2 ta g'alaba, 2 ta durang va shuncha mag'lubiyat qayd etdi. Bundan tashqari, jamoa o'tkazilgan o'yinlarda printsipial raqiblar hisoblangan Eron va Janubiy Koreyaga hech qanday jiddiy qarshilik ko'rsata olmadi. Taktik jihatdan himoyaviy uslubni afzal ko'ruvchi Kuper jamoasi Toshkentda Erondan 1 ta gol o'tkazib yuborgan bo'lsa, Avstraliyadagi yig'inda Janubiy Koreyaga qarshi o'tkazilgan uchrashuvda yirik 4-0 hisobda mag'lub bo'ldi.
Albatta O'FA mutasaddilari va terma jamoa atrofidagi ko'pchilik mutaxassislar Shimoliy Koreya va Qatar terma jamoalarini bir xil 2-0 hisobda mag'lub etgan, Suriya va Livan terma jamoalari bilan 1-1 va 0-0 hisoblaridagi durang natija qayd etgan jamoaning haqiqiy kuchi Osiyo kubogi doirasidagi rasmiy o'yinlar vaqtida namoyon bo'lishi borasida bot-bot gapirishmoqda. Ammo 2019 yilning dastlabki yirik turniri uchun argentinalik mutaxassisning qanday syurpriz tayyorlab qo'yganligi hozircha hamma uchun qiziq.
Osiyo o'yinlaridagi rekordlar
18 avgust–2 sentyabr kunlari oralig'ida Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida o'tkazilgan Osiyo o'yinlaridan O'zbekiston bir necha rekordlar bilan qaytdi.
Xususan, terma jamoa delegatsiyasi o'z tarixida ilk marotaba 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza, jami 70 ta medalni qo'lga kiritdi. O'sha musobaqaga qadar O'zbekiston 2010 yilgi Guanjou mezbonligidagi Osiyo o'yinlarida eng ko'p medal jamg'argan: 11 ta oltin, 22 ta kumush va 23 ta bronza. Medallar sifati bo'yicha eng yaxshi natija esa 2002 yilgi Pusan mezbonligidagi turnirda qayd etilgan: 15 ta oltin, 12 ta kumush va 22 ta bronza.
Indoneziyadagi Osiyo o'yinlarida O'zbekistondan 30 ta sport turidan 252 nafar sportchi ishtirok etgan bo'lsa, shundan 17 ta yo'nalishda medallar jamg'arilgan. Agar buni sport turlari kesimida ko'rib chiqadigan bo'lsak, qo'lga kiritilgan 70 ta medalning 12 tasi (6 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza) kurashchilar hissasiga to'g'ri keladi.
Shuningdek, kurashchilar terma jamoa delegatsiyasiga eng ko'p oltin medallarni ham taqdim etishdi: 6 ta. Bu borada kurashchilardan keyingi o'rinni 5 ta oltin va 2 ta kumush bilan bokschilar band etishdi. Aslida bokschilarda oltin medallar soni ko'proq bo'lishi ham mumkin edi. Ammo -49 kg vazn toifasida musobaqa favoriti hisoblangan Hasanboy Do'smatovning hindistonlik Amit Pangalga mag'lub bo'lishi va Shunqor Abdurasulovning mo'g'ulistonlik Erdenebatin Tsenbaatarga imkoniyatni boy berib qo'yishi vaziyatni shu ko'rinishga olib keldi.
Bundan tashqari, sport kurashlari bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi 15 nafar sportchi bilan ishtirok etib, 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalni qo'lga kiritdi.
Kayak va kanoeda eshkak eshuvchilar 1 ta oltin, 3 ta kumush, 4 ta bronza – jami 8 ta medalni qo'lga kiritishgan. Medallar soni bo'yicha bu kurashchilardan keyingi eng yaxshi natijada. Agar medallar soni bo'yicha 5 ta va undan ko'p muvaffaqiyat qozongan sport turlarini hisobga oladigan bo'lsak, jami 70 ta medalning 44 tasi 6 ta sport turi vakillari tomonidan jamg'arilganiga guvoh bo'lamiz. Bular: kurash (6 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza jami – 12 ta), boks (5 ta oltin, 2 ta kumush – jami 7 ta), sport kurashlari (2 ta oltin, 1 ta kumush, 3 ta bronza – jami 6 ta), kayak va kanoeda eshkak eshish (1 ta oltin, 2 ta kumush, 4 ta bronza – jami 8 ta), taekvondo (1 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza – jami 6 ta), og'ir atlektika (1 ta oltin, 2 ta kumush, 2 ta bronza – jami 5 ta).
Shuningdek, Osiyo o'yinlarida O'zbekiston sportchilari 2 ta rekordni qayd etishdi. Avvaliga Ruslan Nuriddinov og'ir atletika bahslarida -105 kg vazn toifasida ishtirok etib, 421 kglik natija bilan Osiyo o'yinlari rekordini yangilagan bo'lsa, engil atletikaning balandlikka sakrash bahslarida Svetlana Radzivil 1,96 metrlik natija bilan o'zining 2010 yilgi Osiyo o'yinlaridagi rekordini yangiladi. Bunda u jamoadoshi Nadiya Dusanovani 2 smga ortda qoldirdi.
Osiyo o'yinlarida qayd etilgan yana bir rekord gimnastikachi Oksana Chusovitina bilan bog'liq. 43 yoshli gimnastikachi Osiyo o'yinlaridagi eng yoshi katta sportchi sifatida o'z yo'nalishida rekord o'rnatdi. Bu bir tomondan yaxshi. Ammo boshqa tomondan bu yurishni Chusovitinaning o'rnini munosib tarzda bosa oladigan sportchining ko'zga tashlanmayotgani bilan bog'laydigan bo'lsak, kishi biroz o'yga toladi.
"WTA Tashkent Open"dagi muvaffaqiyatsizlik
24–29 sentyabr kunlari oralig'ida Toshkent shahri tennis bo'yicha ayollar o'rtasidagi "WTA Tashkent Open" turniriga mezbonlik qildi. Sovrin jamg'armasi 250 000 AQSh dollari bo'lgan turnirda o'zbekistonliklardan yakkalik bahslarida Sabina Sharipova va Nigina Abduraimovalar, juftlik yo'nalishida Nigina Abduraimova va Oqgul Omonmurodovalar asosiy bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritishdi.
Biroq har ikkala yo'nalishda ham O'zbekiston vakillari birinchi bosqichning o'zidayoq turnir bilan xayrlashdi. Xususan, yakkalik bahslarida Sabina Sharipova musobaqaning bo'lajak g'olibi Margarita Gasparyanga mag'lub bo'lgan bo'lsa, Nigina Abduraimova germaniyalik Mona Bartel to'sig'idan o'ta olmadi. Juftlik yo'nalishida esa Nigina Abduraimova rossiyalik Anna Kalinskaya bilan, Oqgul Omonmurodova jahonning sobiq birinchi raketkasi kanadalik Ejeni Bushar bilan tandem hosil qildi. Ammo Nigina Abduraimova–Anna Kalinskaya juftligi Margarita Gasparyan–Anastasiya Potapova tandemiga, Oqgul Omonmurodova–Ejeni Bushar tandemi esa Katerina Kozlova–Vera Zvonareva juftligiga mag'lub bo'ldi.
Ushbu turnirning yakkalik bahslarida Rossiya vakilasi Margarita Gasparyan g'alaba qozongan bo'lsa, juftlik yo'nalishida Olga Danilovich–Tamara Zidantsek tandemiga teng keladigan raqib topilmadi.
AGMK O'zbekiston kubogining yangi sohibi
28 oktyabr kuni Farg'ona shahridagi Istiqlol stadionida futbol bo'yicha O'zbekiston kubogi o'tkazildi. AGMK va Paxtakor jamoalari o'rtasida o'tkazilgan o'yinda olmaliqliklar 3-1 hisobda g'alaba qozondi. O'yinning 16 daqiqasida AGMKning serbiyalik legioneri Yovan Jokich hisobni ochgan bo'lsa, ikkinchi bo'limning 54-daqiqasida esa Paxtakor legioneri Ismoil Gonsalvesh penaltidan Roman Abdulov darvozasiga gol urib muvozanatni tikladi. 57-daqiqada yana o'sha Jokich gol urib, dublga erishdi. AGMK yarim himoyachisi Zohir Pirimov 90-daqiqada gol urib, jamoasining uchrashuvda g'alaba qozonishini ta'minladi. Shu bilan AGMK o'zi uchun Osiyo Chempionlar ligasi yo'llanmasini naqd qildi.
Olmaliqliklar Farg'onada Paxtakorni mag'lub etishlariga qaramay, oradan 6 kun o'tib, 3 noyabr kuni o'z maydonlarida Qo'qon-1912ga 1-3 hisobda mag'lub bo'ldi. Umuman olganda, AGMK chempionatni autsayder sifatida yakunladi va o'tish o'yinidagina ligada jon saqlab qolishning uddasidan chiqdi. 4 dekabr kuni Pro A ligada 3-o'rinni egallagan Istiqlolga qarshi o'tkazilgan o'yinda Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi jamoa 1-0 hisobda g'alaba qozondi. O'yindagi yagona golga jamoaning belorussiyalik legioneri Vladislav Kasminin mualliflik qildi.
"AIBA"ni o'zbek boshqaradi
3 noyabr kuni Moskva shahrida joylashgan Radisson Royal mehmonxonasi qoshidagi "Congress Park"da AIBA (Xalqaro havaskor bokschilar assotsiatsiyasi) prezidentligi uchun o'tkazilgan saylovda o'zbekistonlik G'ofur Rahimov g'alaba qozondi. Saylov jarayonlarida ishtirok etgan 137 nafar delegatning 86 nafari G'ofur Rahimov, 46 nafari esa Osiyo boks konfederatsiyasi prezidenti Serik Konakbaevning nomzodini qo'llab quvvatladi. Qolgan 3 nafar delegat esa o'zlariga taqdim etilgan byulletenlarni bo'sh holda qaytarib bergan.
Ba'zi matbuot nashrlarida nomi kriminalistika bilan bog'lanuvchi funktsioner ushbu lavozimga kirishgach, Xalqaro olimpiya qo'mitasi boksning 2020 yilgi olimpiya o'yinlari dasturiga kiritilishi bilan bog'liq masalani kun tartibiga qo'ydi. Keyinchalik esa TASS XOQ prezidenti Tomas Baxning jurnalistlar bilan o'tkazilgan matbuot anjumanida aytgan so'zlariga tayanib bergan xabariga ko'ra, tashkilotning shaxsan G'ofur Rahimovga hech qanday e'tirozi yo'qligi va Yaponiya milliy boks federatsiyasidan boks bo'yicha Olimpiya musobaqasini bekor qilmaslik haqida so'rov olingani va XOQ bu so'rovni qanoatlantirishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.
Olimpiada toji yosh shaxmatchilarda
24 noyabr–3 dekabr kunlari Turkiyaning Ko'nyo shahrida shaxmat bo'yicha 16 yoshgacha bo'lgan o'smirlar o'rtasidagi olimpiada o'tkazildi. Dunyoning 46 mamlakatidan kelgan sportchilar qatnashgan musobaqada O'zbekiston terma jamoasi 8 ta g'alaba va AQSh terma jamoasidan uchralgan 1 ta mag'lubiyat bilan g'oliblikni qo'lga kiritdi. Shu kunga qadar o'zbekistonlik shaxmatchilar ushbu turnirda biror marotaba oltin medalni qo'lga kiritishmagandi. Xususan, 1 yil oldin o'tkazilgan musobaqada O'zbekiston vakillari 9 ta turdan so'ng 5 ta g'alaba 1 ta durang va 3 ta mag'lubiyat bilan 5-o'rinni band etishgandi.